Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

Matbuot anjumani: muhokama markazida maktabgacha ta'lim tizimidagi o‘zgarishlar

Joriy yil 17 avgust kuni tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri Fazogir Hotamov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. “Bulung‘ur hayoti” gazetasi majlislar zalida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda erkin tinglovchilar ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, hozirgi kunda Bulung‘ur tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi tasarufida 29 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari, 2 ta nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari, 5 ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari, 114 ta oilaviy maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Tumanda 17 600 nafar 3-7 yoshli bolalardan 12 706 nafari, ya'ni 72.1 foizi maktabgacha ta'limga qamrab olingan.

Xususan, 2021 yil davomida 20 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish rejalashtirilgan edi. Amalda 2021 yil boshidan hozirgi kunga qadar tumanda 49 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tashkil etildi. Bundan tashqari, shu vaqtga qadar ularga 25 taga qadar bola qabul qilish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, yangi o‘quv yilidan 50 nafargacha bolalarni qamrab olishga ruxsat yetilmoqda. Bu ham o‘z navbatida, qamrov ortishiga va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga olib keladi.

Shuningdek, ayni vaqtda bolalarni maktabdan oldingi ta'limga qamrab olishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada esa xalq ta'limi tasarrufidagi umumta'lim maktablari bilan yaqindan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Xususan, bu jarayonga umumta'lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari shartnoma asosida jalb etilmoqda. - Natijada ham kadr ham joy masalasi bir vaqtda ijobiy hal etilmoqda, deydi bo‘lim mudiri F.Hotamov. Matbuot anjumani davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.


Oxirgi o‘zgarish: 19/08/2021 17:10;   Ko‘rilganligi: 70
 
Material manzili: http://bulungurmtb.uz/oz/news/matbuot-anjumani-muhokama-markazida-maktabgacha-talim-tizimidagi-ozgarishlar
Chop etilgan vaqti: 27/09/2021 06:21