Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

KORRUPSIYASIZ MAKTABGACHA TA'LIM: FARZANDLAR KO‘ZIGA YORUG‘ YUZ BILAN BOQING!

Taraqqiyot yo‘liga jiddiy to‘siq bo‘lib, jamiyat rivoji, sohalar yuksalishiga bevosita tahdid tug‘diradigan asosiy illat bu – korrupsiyadir. Shu bois mamlakatimizda bu dardga qarshi kurash choralarini kuchaytirish, uni tag-tomiri bilan yo‘qotish, bu boradagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamlashga jiddiy e'tibor qaratilib kelindi.

Bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida 2016 yil 24 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi o‘sha paytda mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan kiritilgan «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunni birinchi o‘qishdayoq qabul qilgandi va bu Qonun 2016 yil 13 dekabrda Senat tomonidan ma'qullangandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi va qonun 2017 yil 4 yanvardan kuchga kirdi.

Qonun korrupsiyaga qarshi kurash sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini keltirib o‘tadi.

Endi korrupsiya, ya'ni poraxo‘rlik, mansabdan foydalangan holda qonunni suiste'mol qilish, tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik asosida davlat tashkilotlarida ish tashkil qilib, iste'dodli kadrlarning o‘sishiga to‘siq bo‘lish, jismoniy hamda yuridik shaxslarning davlat tomonidan qonun bilan kafolatlangan holda berilgan huquqlarini buzish, o‘z vazifasi bo‘yicha belgilangan majburiyatlarini bajarishni paysalga solib, ta'magirlik qilish kabi holatlarda bunday qabihliklarni amalga oshirganlar uchun davlatning qat'iy jazosi muqarrarligi aniq-ravshan belgilandi.

Kuchli fuqarolik jamiyati sari qadam qo‘yib borayotgan O‘zbekistonimiz hayotida bu Qonunning amalga tatbiq etilishi taraqqiyot rivojiga katta hissa qo‘shuvchi omil bo‘lishi shubhasiz.

Shu maqsadda Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan tizimda mansabdorlik jinoyatlari sodir etilishining oldini olishga qaratilgan amaliy mexanizmlarni joriy etish maqsadida “Maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari tomonidan mansab vakolatini suiste'mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishining oldini olish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirining 2018 yil 18 yanvarda 13-son buyrug‘iga ko‘ra tasdiqlandi. Ushbu buyruqning 4-bandida “Maktabgacha ta'lim metodikasi” jurnali tahririyatiga ham poraxo‘rlik va tizimdagi boshqa mansabdorlik jinoyatlarining oldini olishga qaratilgan turli xil targ‘ibot materiallari tayyorlab, hududlardagi MTMlarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan edi. Ushbu buyruq ijrosiga ko‘ra “Maktabgacha ta'lim metodikasi” jurnali tahririyati jamoasi tomonidan “Korrupsiyasiz maktabgacha ta'lim: farzandlar ko‘ziga yorug‘ yuz bilan boqing!” shiori ostida targ‘ibot bukleti va plakati tayyorlanib, MTMlarga bepul tarzda yetkazib berildi.


Kiritilgan vaqti: 18/07/2018 14:41;   Ko‘rilganligi: 962
 
Material manzili: http://bulungurmtb.uz/oz/news/korruptsiyasiz-maktabgacha-talim-farzandlar-koziga-yorug-yuz-bilan-boqing
Chop etilgan vaqti: 12/05/2021 14:41