Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

Bulung‘ur tumanida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasining sayyor tartibdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yil 25 mart kuni Bulung‘ur tuman Bulung‘ur mahalasida joylashgan 23 umumiy o‘rta ta'lim maktabida yilda Samarqand viloyat prokurori Ravshan Masharipov boshchiligida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasining sayyor tartibdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida Bulung‘ur tumani hamda Jomboy tumanlarida sodir etilgan korrupsiya jinoyatlari komissiya a'zolari hamda sohaga aloqador tashkilotlarning mansabdor shaxslari ishtirokida muhokama qilindi.

Xususan, Bulung‘ur tumanida aniqlangan holat yuzasidan tuman prokurorining o‘rinbosari, adliya kichik maslahatchisi Sunnat Raximov axborot berdi. Axborotda ma'lum qilinishicha, 2021 yil 24 mart kuni Departamentining Samarqand viloyat Bulung‘ur bo‘limi hamda DXX Bulung‘ur tuman bo‘linmasi va Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda fuqaro D.Q.ning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Bulung‘ur tuman Maktabgacha ta'lim bo‘limiga qarashli Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlaridan birining direktori, o‘z mansab mavqeidan foydalangan holda fuqaro D.Q.ni o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotiga tarbiyachi yordamchisi vazifasiga ishga qabul qilish evaziga, undan ta'magirlik yo‘li bilan 200 AQSH dollari berishini talab qilib, murojaat muallifi fuqaro D.Q.dan 2021 yil 24 mart kuni kimyoviy ishlov berilgan 200 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan 2021 yil 24 mart kuni Bulung‘ur tuman Maktabgacha ta'lim bo‘limiga qarashli Davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti direktoriga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlarini o‘tkazishlik uchun Bulung‘ur tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan muhokamalar jarayonida komissiya a'zosi, Olimy Majlis Senati a'zosi Farmosh Toshevning, shuningdek, Bulung‘ur tumani hokimi Baxodir Baxromovning fikrlari tinglandi.

Tuman hokimi aniqlangan mazkur holat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirar ekan, hokimlik bor e'tiborini ta'lim muassasalarida shart-sharoit yaratib berishga qaratganligi, ulardagi ta'lim mazmuni va kadrlar masalasiga aralashmasdan, maktabgacha ta'lim boshqarmasiga qo‘yib berganligini bildirdi. Tuman hokimi viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i Sh.Raxmonovga murojaat qilib, - balki aynan mana shu bizning aybimiz bo‘lgandir. Sababi, bu holat pulga muhtojlik natijasida bo‘layotgani yo‘q, deya ta'kidladi.

So‘zining so‘ngida hokim yig‘ilganlarga va komissiya a'zolariga murojaat qilar ekan: - Men bu holatdan o‘zimga tegishli xulosa chiqarib oldim va kelgusida bu kabi ko‘ngilsizliklar yuzaga kelmasligi uchun tegishli choralarni ko‘ramiz. Agarda kelgusida ham bu kabi ko‘ngilsiz holatlarning oldini ololmasam, yaxshisi o‘zim ushbu vazifani topshirishga tayyorman. Boshqa so‘zim yo‘q, deya fikrlarini yakunladi.

Shuningdek, muhokama yig‘ilishi so‘ngida, viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i Sh.Raxmonov, boshqarma ma'ul xodimlari hamda tumandagi barcha davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari mudiralari bilan holat yuzasidan gaplashib, kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish borasida ko‘rilishi zarur bo‘lgan choralarni belgilab oldilar.


Oxirgi o‘zgarish: 26/03/2021 07:28;   Ko‘rilganligi: 21
 
Material manzili: http://bulungurmtb.uz/oz/news/bulungurda-korruptsiyaga-qarshi-kurashish-boyicha-viloyat-idoralararo-komissiyasining-sayyor-tartibdagi-yigilishi-bolib-otdi
Chop etilgan vaqti: 23/04/2021 17:59