Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

AHOLINI RO‘YXATGA OLISHNING MOHIYATI NIMADA?

Tasavvur qiling, qo‘lingizda O‘zbekiston xaritasi va unga qarab hududlarga doir birlamchi ma'lumotlarni aytish mumkin. Masalan, Qoraqalpog‘istonda qancha aholi yashaydi, Xorazmda bandlik masalasi qay ahvolda, Surxondaryoda nechta ta'lim muassasasi bor, Samarqand viloyatida aholi zichligi qanday va shunga o‘xshash boshqa muhim ma'lumotlar. Biroq bunday yuzaki va taxminiy ko‘rsatkichlar bilan bugungi jadal rivojlanish va islohotlar davrida uzoqni ko‘zlab nimanidir reja qilish qiyin, albatta.

Qo‘limizda har bir hududga doir aniq faktlar bo‘lsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta bo‘ladi. Aynan shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli ma'lumotlar kerak va ular tadrijiy ravishda yangilanib borilishi shart. Bunday aniq va yaxlit ma'lumotlar esa aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi. Shunga qarab o‘tmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakni farazlash mumkin. Shuningdek, bu aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma'lumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma'lumot olishning yagona manbai hamdir. Ma'lumki, BMTning 2015 yil 10 iyundagi “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasi qabul qilingan va unga asosan, BMTga a'zo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan Ayni paytda MDH mamlakatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida hali biror marta bunday hisobkitob ishlari olib borilmagan. Bunday sanoq so‘nggi bor sobiq ittifoq davrida, aniqrog‘i, 1989 yilda o‘tkazilgan edi. Holbuki, xalqaro tajribadan ma'lumki, ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish tadbiri kamida har o‘n yilda bir marotaba tashkillashtirilishi an'anaga aylangan. Respublikamizda ham endi ana shunday muhim jarayon yo‘lga qo‘yiladi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 710-sonli qarori huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Aholi sonini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma'lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil va e'lon qilishning yagona jarayonidir. U aholi to‘g‘risidagi ma'lumotlarning asosiy manbai bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar shakllantiriladi. O‘z navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash bo‘yicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi. Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich bo‘lib, bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya'ni aholi to‘g‘risidagi ma'lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. So‘nggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan ma'lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar e'lon qilinadi. Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma'lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Ya'ni bundan bu yog‘iga qog‘ozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga e'tibor qaratiladi. Ro‘yxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki ma'lumotlarning to‘g‘riligiga bevosita ayni ular mas'ul bo‘ladi va shakllantirilgan ma'lumotlar real bo‘lishi shart. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar har xil yoshda va kasbda bo‘lishi, birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar bo‘lishi mumkin. Yoshi va kasbidan qat'i nazar, aholini ro‘yxatga oluvchilar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi va zarurat tug‘ilsa, ularga qo‘shimcha maslahatlar beriladi. Aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat byudjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish ko‘zda tutilgan. Amaldagi me'yoriy hujjatlarga binoan, yakuniy ma'lumotlarni uch tilda e'lon qilinishi ko‘zda tutilgan. Chora-tadbirlar dasturida aholini ro‘yxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan ta'minlash va e'lon qilish, aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy ma'lumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash muddati 2025 yil 1 dekabrga qadar, deb ko‘rsatilgan. Ya'ni ma'lumotlar bilan tanishishning oxirgi chegara muddati belgilangan. Biroq agarda tezkor faoliyat yuritilsa, ushbu muddatdan oldin ham e'lon qilish imkoniyati mavjud. Bulung‘ur tuman statistika bo‘limi.

Oxirgi o‘zgarish: 10/09/2021 13:34;   Ko‘rilganligi: 37
 
Material manzili: http://bulungurmtb.uz/oz/news/aholini-royxatga-olishning-mohiyati-nimada
Chop etilgan vaqti: 27/09/2021 06:43